Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Milliy istiqbolli loyihalar agentligida PASHA Financial Holding (PFH) bosh direktori Farid Mammadov boshchiligidagi delegatsiya hamda Business Consult Group vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar sug‘urta bozorini rivojlantirish, tartibga solish tizimini takomillashtirish va elektron tijorat masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy istiqbolli loyihalar agentligi xabar berdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar O‘zbekiston sug‘urta bozorini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, sug‘urta tashkilotlari ustidan nazorat qilish yondashuvlari va sug‘urta faoliyatini litsenziyalash tartibini ko‘rib chiqdi.
Sug‘urta kompaniyalariga qo‘yiladigan kapital talablari ham alohida muhokama qilindi.
Tomonlar vakillari, shuningdek, xorijiy moliyaviy guruhlar va investorlarning mamlakat sug‘urta bozoriga kirish shartlarini ko‘rib chiqdi.
Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida sug‘urta sohasini raqamlashtirish va yangi sug‘urta mahsulotlarini joriy etish qayd etildi.
Muzokaralarning alohida qismi elektron tijoratga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar ushbu bozor subyektlari faoliyatini tartibga solish masalalari, shuningdek, uni kengaytirish uchun zarur infratuzilmani yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
PASHA Financial Holding moliya sektori, ko‘chmas mulk, chakana savdo, qishloq xo‘jaligi, texnologiyalar va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi Ozarbayjonning yetakchi xususiy biznes guruhlaridan biri — PASHA Holding‘ning moliyaviy aktivlarini birlashtiradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, guruhning jami aktivlari 17 milliard dollar, umumiy tushumi esa 3,5 milliard dollarni tashkil etgan.
PFH tarkibiga PASHA Bank, Kapital Bank, Birbank, PASHA Insurance va PASHA Life, shuningdek, marketpleyslar va texnologik kompaniyalar, ko‘chmas mulk, turizm, chakana savdo va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi korxonalar kiradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar sug‘urta bozori va elektron tijoratni tartibga solish hamda rivojlantirish sohalarida tajriba almashish muhimligini taʼkidladi.
Ishtirokchilar o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.