Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan va Farg‘ona viloyatlarida xorijda ishga joylashtirish hamda Umra ziyoratiga borishni tashkil etish vaʼdasi bilan bog‘liq firibgarlikning ikki holati aniqlandi. Har ikki holat bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Namanganda 22 yoshli shaharlik yigit To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali ularni Xorvatiyada ishga joylashtirishni tashkil etishni taklif qilgan. U o‘z xizmatlari uchun 3600 dollar talab qilgan.
DXX xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida erkak 1000 dollar miqdorida oldindan to‘lovni olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Pul ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Yana bir holat Farg‘ona viloyatida qayd etildi. Buvayda tumanida yashovchi 57 yoshli fuqaro Umra ziyoratini amalga oshirish uchun safarlarni tashkil etish vakolatiga ega bo‘lmagan holda, ikki nafar mahalliy aholidan ularni Saudiya Arabistoniga jo‘natish uchun 2200 dollar olgan.
DXX va ichki ishlar organlari xodimlari uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘ydi.
Har ikki holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.