Shoshilinch
Iqtisod

O‘zbekiston va Polsha geologiya sohasida hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston va Polsha geologiya sohasida hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston va Polsha geologiya sohasida hamkorlikni muhokama qildi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Konchilik va geologiya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 23 sentyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi vakillari hamda Polsha iqlim va atrof-muhit vaziri o‘rinbosari, mamlakat bosh geologi Kshishtof Galosh boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xabar berdi.

Uchrashuvni vazirning birinchi o‘rinbosari F. Hamidova, vazir o‘rinbosari R. Yusupov hamda vazirlikning masʼul vakillari o‘tkazdi.

Muzokaralar avvalida Polsha delegatsiyasiga Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari taqdim etildi. Ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekistonning geologiya sohasidagi imkoniyatlari, mamlakatning mineral-xomashyo bazasi va tog‘-kon sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida geologiya va mineral-xomashyo resurslari sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollariga asosiy eʼtibor qaratildi.

Tomonlar ikki mamlakat geologiya xizmatlari o‘rtasida tajriba almashishni tashkil etish imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashdi. Ko‘rib chiqilgan yo‘nalishlar qatorida qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va institutsional hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham bo‘ldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.