Iqtisod

O‘zbekiston va OTB suv taʼminoti sohasidagi loyihalarni muhokama qildi

O‘zbekiston va OTB suv taʼminoti sohasidagi loyihalarni muhokama qildi
O‘zbekiston va OTB suv taʼminoti sohasidagi loyihalarni muhokama qildi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, iqlimga chidamli suv taʼminoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish loyihasini moliyalashtirish masalasini muhokama qildi.

8 sentyabr kuni O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ohadbek Haydarov OTB vakillari bilan uchrashdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsiyalar bo‘limi xabar berdi.

Muzokaralarda OTB mamlakat operatsiyalari rahbari Mirzo Iskandar Gulamov, suv taʼminoti va shaharlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha direktor Shrinivas Sampat hamda bankning boshqa vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor OTB ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan «Iqlimga chidamli suv taʼminoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish» loyihasini moliyalashtirish masalalariga qaratildi.

Loyiha Andijon va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv taʼminoti va oqova suv xizmatlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Uchrashuv davomida hamkorlikning yangi ehtimoliy yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar istiqbolli loyihalar va qo‘shma tashabbuslar bo‘yicha taklif va g‘oyalar almashdi.

Muzokaralar O‘zbekiston va OTBning istiqbolli loyihalar doirasidagi hamkorligini yana-da muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.