Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Seul shahridagi LG Innovation Gallery‘ga tashrif buyurib, LG Group kompaniyasining texnologik ishlanmalari bilan tanishdi.
Ko‘rgazma markazi Kanson okrugining Magok hududida joylashgan LG Sciencepark majmuasida o‘rin olgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
LG Innovation Gallery‘da LG Group‘ning zamonaviy texnologiyalari, innovatsion ishlanmalari va istiqbolli yechimlari yagona ko‘rgazma makonida taqdim etilgan.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolariga markaz faoliyati va unda namoyish etilgan texnologik ishlanmalar haqida maʼlumot berildi. Sunʼiy intellekt va robototexnika sohasidagi yechimlar, OLED-displeylar, Smart Home va IoT texnologiyalari, connected car, biotexnologiyalar hamda boshqa yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Robototexnika hududida delegatsiyaga sunʼiy intellekt, displey texnologiyalari va elektron komponentlar asosida ishlab chiqilgan zamonaviy yechimlar namoyish etildi.
Shuningdek, LG ThinQ sunʼiy intellekt platformasi asosida ishlab chiqilgan Smart Home texnologiyalari alohida taqdim etildi. Ular turli «aqlli uy» qurilmalarini yagona tizimga birlashtirish va ularni boshqarish imkonini beradi.
LG Innovation Gallery‘ga tashrif Farg‘ona viloyati delegatsiyasiga LG kompaniyasining ilg‘or ishlanmalari va kompaniyaning innovatsion majmuasida taqdim etilgan zamonaviy texnologik yechimlar bilan tanishish imkonini berdi.