Iqtisod

Özbekiston IHT Global forumining Bali deklaratsiyasiga qöşildi

Özbekiston IHT Global forumining Bali deklaratsiyasiga qöşildi
Özbekiston IHT Global forumining Bali deklaratsiyasiga qöşildi / Foto: Özbekiston Soliq qömitasi.

Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Özbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot taşkiloti (IHT)ning soliq maqsadlarida şaffoflik va axborot almaşinuvi böyiça Global forumi Bali deklaratsiyasiga qöşildi.

Hujjat Parijda Özbekiston delegatsiyasi vakillarining Forum kotibiyati rahbariyati bilan uçraşuvi doirasida imzolandi.

Muzokaralar 2026 yil 28–30 oktyabr kunlari ötkazilayotgan IHT/G20ning BEPS böyiça Inklyuziv hamkorlik doirasi 18-yalpi majlisi doirasida bölib ötdi. Özbekiston delegatsiyasiga Soliq qömitasi raisi Farrux Pölatov boşçilik qildi.

Kotibiyat nomidan uçraşuvda risklarni boşqariş masalalariga mas’ul Severin Baranje iştirok etdi.

Global forum vakillari Özbekistondagi islohotlar, jumladan, soliq ma’muriyatçiligi tizimidagi özgarişlarni kuzatib borayotganini ma’lum qildi. Ular mamlakatning uşbu sohada erişgan natijalarini ijobiy baholadi.

Qayd etilgan natijalar qatorida Özbekistonning 2026 yil 15 iyulda imzolangan Soliq masalalari böyiça özaro ma’muriy yordam töğrisidagi konvensiyaga (MAAC) qöşilgani, şuningdek, sörov böyiça soliq axborotini almaşiş xalqaro standartiga rioya etilişi yuzasidan ekspert baholaş natijalari qayd etildi. Tekşiruv yakunlariga köra, hisobot loyihasiga «Asosan muvofiq» degan umumiy baho berildi.

Kotibiyat xalqaro kelişuvlar doirasida axborotni oşkor qiliş talablarini, jumladan, yakuniy benefitsiar mulkdorlar haqidagi ma’lumotlarni kengaytirişni nazarda tutuvçi qonun loyihasi tayyorlanayotganini ham ta’kidladi. Mamlakatda soliq nazoratida qöllanilayotgan risklarga asoslangan yondaşuv va soliq ma’muriyatçiligining yuqori darajada raqamlaştirilgani ham ijobiy baholandi.

Bali deklaratsiyasining imzolanişi Özbekistonning Global forumning Osiyo taşabbusiga qöşilganini anglatadi. Uşbu yönaliş doirasida mamlakat Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Xitoy, Gonkong, Malayziya, Indoneziya va Hindiston soliq ma’muriyatçiligi organlari tajribasini örganiş uçun qöşimça imkoniyatlarga ega böladi.

Uçraşuv yakunlari böyiça tomonlar hamkorlikni davom ettirişga kelişib oldi. Kotibiyat Özbekistonga soliq axborotini avtomatik almaşiş standartini joriy etişga tayyorgarlik körişda texnik kömak beriş, şuningdek, mutaxassislarni öqitişga yordamlaşişga tayyorligini tasdiqladi.

Soliq risklarini tahlil qilişda sun’iy intellektdan foydalaniş masalasi ham alohida muhokama qilindi.

Bundan taşqari, Global forum vakillari manfaatdor mamlakatlar örtasida tajriba almaşiş va ilğor amaliyotlarni ommalaştirişga bağişlangan mintaqaviy tadbirlarni Özbekistonda taşkil etişni taklif qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.