Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy bojxona laboratoriyasida sintetik giyohvand moddalar va yangi psixoaktiv moddalarni aniqlash, identifikatsiya qilish hamda tahlil etishning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda xitoylik mutaxassislar hamkorligida tashkil etilgan.
Seminarda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning ekspert muassasalari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi mutaxassislarni yangi giyohvand moddalarni aniqlashning zamonaviy ilmiy-amaliy yondashuvlari bilan tanishtirish, laboratoriya tahlili usullarini takomillashtirish va ekspertlarning malakasini oshirishdan iborat.
Seminarning nazariy qismida xitoylik mutaxassislar yangi psixoaktiv moddalarning xususiyatlari, jumladan, sintetik kannabinoidlar, katinonlar va sintetik opioidlar haqida maʼruzalar taqdim etdi. Ishtirokchilar bunday birikmalarni identifikatsiya qilish usullari va zamonaviy tahlil texnologiyalarini ham ko‘rib chiqdi.
Ishtirokchi mamlakatlar vakillari o‘zaro tajriba almashib, sintetik giyohvand moddalar tarqalishining tendensiyalarini hamda laboratoriyalarda bunday moddalarni tekshirish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni muhokama qildi.
Seminarning ikkinchi kunida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ular Markaziy bojxona laboratoriyasining tahliliy uskunalari va texnik infratuzilmasidan foydalangan holda tashkil etiladi. Ekspertlar nomaʼlum namunalarni tekshirib, olingan natijalarni baholaydi.
Tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 27 avgustdagi PF-174-son farmonida belgilangan vazifalarni bajarish bilan ham bog‘liq.
Hujjatda bojxona ekspertizasini takomillashtirish, yangi giyohvand moddalarni aniqlash uchun mass-spektrometriya texnologiyalarini joriy etish va mintaqaviy tajriba almashinuvini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, seminar sud-ekspertiza faoliyatida ilmiy asoslangan usullardan foydalanishni kengaytirish va giyohvand moddalarni tekshirishning zamonaviy texnologiyalarini o‘zlashtirishga qaratilgan.