Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — 2027 yil 1 yanvardan boshlab binolarni boshqaruvchi tashkilotlar liftlarga kamida oyiga bir marta texnik xizmat ko‘rsatilishini taʼminlashi shart.
Liftlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni tuzish va bekor qilish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish natijalarini rasmiylashtirish va saqlash yagona idoralararo elektron «Xavfsiz lift» platformasi orqali amalga oshiriladi.
Mazkur tartib 2026 yil 22 oktyabrdagi 588-sonli hukumat qarori bilan tasdiqlangan Liftlardan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizomda belgilangan.
Liftlar vakolatli organ tomonidan bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Dastlabki texnik ko‘rik natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda, lift ikki ish kuni ichida ro‘yxatga olinadi va buyurtmachiga QR-kodli maʼlumotnoma beriladi.
Lift kabinasining ko‘zga tashlanadigan joyiga belgilangan namunadagi identifikatsiya raqami hamda QR-kodli ro‘yxatdan o‘tkazish maʼlumotlari joylashtirilishi kerak. Shuningdek, binoni boshqaruvchi tashkilot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning nomi, manzili va aloqa maʼlumotlari ham ko‘rsatilishi shart.
Yuk ko‘tarish quvvatidan qatʼi nazar, yo‘lovchi liftlarida qurilish materiallari va qurilish chiqindilarini tashish taqiqlanadi.
Shuningdek, lift o‘lchamlariga mos kelmaydigan buyumlar, portlovchi, tez alangalanuvchi, radioaktiv va o‘ta zaharli moddalarni tashishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Elektron platforma orqali xarid qilinmagan va o‘rnatilmagan liftlar hamda ehtiyot qismlaridan foydalanish ham taqiqlanadi.
Liftni o‘rnatgan tashkilot foydalanishga topshirilgan har bir lift uchun kamida uch yillik kafolat berishi shart. Kafolat muddati davomida taʼmirlash va ehtiyot qismlarini almashtirish ishlari 15 kundan ortiq davom etmasligi kerak.
Agar liftga qizil rangli axborot tablichkasi o‘rnatilgan va undan foydalanish taqiqlangan bo‘lsa, ushbu davrda texnik xizmat ko‘rsatilmaydi.
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bunday davr uchun binolarni boshqaruvchi tashkilotdan oylik to‘lov talab qilishga haqli emas.
Liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni reyestrga kiritish onlayn xabarnoma yuborish orqali bepul amalga oshiriladi.