Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi o‘zbek korxonalari mahsulotlarini xorijiy bozorlarda ilgari surish uchun yangi imkoniyatlarni ishlab chiqmoqda.
Uyushma raisining xalqaro aloqalar va sohani raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saida Mirhamidova Rossiya va Belarusdagi tashkilotlar, shuningdek, Lamoda marketpleysi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Sankt-Peterburgdagi MODAM Fashion International kompaniyasi bilan uchrashuvda moda sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda “Gulliver” savdo-ko‘ngilochar majmuasida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun savdo maydonlarini ajratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bu mahalliy brendlarga o‘z mahsulotlarini Rossiya xaridorlariga bevosita taklif qilish imkonini berishi kutilmoqda.
Belarusdagi O‘zbekiston Savdo uyi faoliyatiga bag‘ishlangan muzokaralar davomida uning samaradorligini oshirish choralari ko‘rib chiqildi. Ustuvor vazifalar qatorida yangi xaridorlarni jalb qilish, o‘zbek fabrikalari mahsulotlarini ilgari surish ko‘lamini kengaytirish va tuzilgan eksport shartnomalari sonini ko‘paytirish belgilandi.
Hamkorlikning alohida yo‘nalishi Lamoda bilan birgalikda o‘zbek ishlab chiqarish korxonalari negizida xususiy brendlarni yaratishdan iborat bo‘ldi.
Loyiha doirasida bozor tahlilchilari, dizaynerlar va konstruktorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Ular joriy talabni hisobga olgan holda va yuqoriroq qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan kolleksiyalarni ishlab chiqadi.
Bunday model fabrikalarga buyurtmalarni bajarishdan bosqichma-bosqich o‘z brendlarini rivojlantirishga o‘tish va qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish imkonini beradi.
Tashabbuslar eksport geografiyasini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilarning xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini mustahkamlash va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar qiymatini oshirishga qaratilgan.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha tomonlar muzokaralarni davom ettirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.