O‘zbekiston

O‘zbekistonda Amudaryoda suv oqimi saqlanayotgani maʼlum qilindi

O‘zbekistonda Amudaryoda suv oqimi saqlanayotgani maʼlum qilindi
O‘zbekistonda Amudaryoda suv oqimi saqlanayotgani maʼlum qilindi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi Amudaryoning ayrim qismlarida suv sarfi mavsumiy ravishda kamayishiga qaramay, daryoda suv oqimi saqlanayotganini maʼlum qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryo sayozlashib borayotgani haqida tarqalgan xabarlar munosabati bilan bayonot berdi.

Amudaryo Tojikiston va Afg‘oniston tog‘laridan boshlanuvchi Panj va Vaxsh daryolarining qo‘shilishidan hosil bo‘ladi.

Kofarnihon daryosi ham Amudaryoning yirik irmoqlaridan biri hisoblanadi.

Amudaryo havzasining yuqori qismida, Tojikiston hududidagi Vaxsh daryosida Norak suv ombori joylashgan.

2026 yil 9 oktyabr holatiga ko‘ra, suv omboriga suv kelib tushishi sekundiga 408 kub metrni, suv chiqarish esa sekundiga 320 kub metrni tashkil etgan. Suv omboridagi suv hajmi 10 milliard 540 million kub metrga yetgan.

Amudaryoning O‘zbekiston hududiga kirish qismidagi suv sathini kuzatib boruvchi Termiz gidrologik postida 9 oktyabr kuni suv sathi 239 santimetrni tashkil etgan. Bu 2025 yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 27 santimetr yuqori.

Shu bilan birga, Kerki gidrologik postida suv sarfi sekundiga 499 kub metrni tashkil qilgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan sekundiga 63 kub metrga kam.

Suv xo‘jaligi vazirligida tushuntirilishicha, sentyabr va oktyabr oylarida daryolarda suv sathi va sarfining pasayishi mavsumiy gidrologik jarayon hisoblanadi.

Vegetatsiya mavsumi yakunlanganidan keyin suv omborlarida navbatdagi mavsum ehtiyojlarini taʼminlash uchun suv zaxiralari to‘planadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.