Moliya

Sanoatqurilishbankning 9 oylik foydasi 12,9 foizga kamaydi

Sanoatqurilishbankning 9 oylik foydasi 12,9 foizga kamaydi
Sanoatqurilishbankning 9 oylik foydasi 12,9 foizga kamaydi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zsanoatqurilishbank”ning 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha sof foydasi 1,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,9 foizga kam. 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida bank 1,3 trln so‘m sof foyda olgan edi.

Bu haqda Kapdepo investitsiya kompaniyasi bankning openinfo.uz portalida eʼlon qilingan choraklik hisobotiga tayanib xabar berdi.

Foydaning asosiy kamayishi uchinchi chorak hissasiga to‘g‘ri keldi. Iyul–sentyabr oylarida bankning sof foydasi 101,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. 2025 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 577,4 mlrd so‘m bo‘lgan. Shu tariqa, sof foyda yillik hisobda 82,3 foizga qisqardi.

“O‘zsanoatqurilishbank”ning to‘qqiz oydagi jami daromadlari 51,7 foizga oshib, 20 trln so‘mga yetdi.

Bankning kreditlar va lizing operatsiyalari bo‘yicha ehtimoliy zararlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirishga yo‘naltirilgan xarajatlari 9,7 trln so‘mgacha oshdi.

Shu bilan birga, bank avval shakllantirilgan 9,6 trln so‘mlik zaxiralarni qayta tikladi va ushbu summani foizsiz boshqa daromadlar tarkibida aks ettirdi.

Bank aktivlari bir yil davomida 9,5 foizga oshib, 104,2 trln so‘mga yetdi. Kapital esa 14,7 foizga o‘sib, 13 trln so‘mni tashkil qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.