Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki mijozlarning topshirig‘isiz kredit qarzdorligini qoplash uchun ularning bank kartalaridan mablag‘ yechib olishga cheklov joriy etmoqda.
To‘lovlar undirilganidan keyin mijozning hisobvaraqlarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTEKM) kamida yarmiga teng mablag‘ qolishi kerak.
Tegishli o‘zgartishlar tijorat banklarining bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishdagi faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritildi.
Yangi qoida mijozning topshirig‘isiz uning barcha bank kartalari hisobvaraqlaridan kredit yoki kafillik bo‘yicha to‘lovlarni undirish holatlariga taalluqli. Bunday vaziyatlarda bank hisobvaraqlarda MHTEKMning yarmiga teng mablag‘ni saqlab qolishi shart bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 360 ming so‘mni tashkil etadi.
Shunday qilib, mablag‘ yechib olinganidan keyin mijozning bank kartalarida kamida 680 ming so‘m qolishi kerak.
O‘zgartishlar uch oydan keyin kuchga kiradi.