Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklaridagi muammoli kreditlar (NPL) hajmi 24 trillion so‘mni yoki jami 648,9 trillion so‘mlik kredit portfelining 3,7 foizini tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki maʼlum qildi.
Davlat ulushi mavjud to‘qqizta bank hissasiga 421,5 trillion so‘mlik kreditlar to‘g‘ri keladi. Bu butun kredit portfelining qariyb 65 foizini tashkil etadi.
Ushbu guruhdagi muammoli qarzdorlik hajmi 16,5 trillion so‘mga, uning kredit portfelidagi ulushi esa 3,9 foizga yetdi. Bu bank tizimi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori. Qolgan 26 ta bankning kredit portfeli 227,5 trillion so‘mni, muammoli kreditlari hajmi 7,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Ularning NPL ko‘rsatkichi 3,3 foizga teng bo‘ldi.
Eng yirik kredit portfeli O‘zmilliybankka tegishli bo‘lib, 104 trillion so‘mni tashkil etdi. Shundan 3,17 trillion so‘mi muammoli kreditlar toifasiga kiritilgan. Bu portfelning 3,1 foiziga teng.
Agrobankning kredit portfeli 94,7 trillion so‘mni tashkil etadi. Muammoli kreditlarning mutlaq hajmi bo‘yicha esa bank tizimida eng yuqori ko‘rsatkich shu bankda qayd etilgan: 3,21 trillion so‘m yoki portfelning 3,4 foizi.
O‘zsanoatqurilishbankda muammoli kreditlar hajmi 1,8 trillion so‘mni, umumiy kredit portfeli esa 59,1 trillion so‘mni tashkil etdi. NPL ulushi 3,1 foizga teng bo‘ldi.
Davlat ulushi mavjud banklar orasida muammoli qarzdorlikning eng yuqori darajasi Mikrokreditbankda qayd etildi — 9,2 foiz. Bankning 23,2 trillion so‘mlik kredit portfelida muammoli kreditlar 2,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Biznesni rivojlantirish banki (5,8 foiz), Asakabank (4,4 foiz) va Xalq banki (4,1 foiz) qayd etildi. Turonbank va Aloqabankda esa bu ko‘rsatkich taxminan 3,8 foizni tashkil qildi.
Umuman, bank tizimida muammoli kreditlar ulushi eng yuqori bo‘lgan bank TBC Bank hisoblanadi — 13,4 foiz. Bankning 7,7 trillion so‘mlik kredit portfelidan 1 trillion so‘mi muammoli kreditlar sifatida tasniflangan.
Poytaxt Bankda ham ushbu ko‘rsatkich yuqori bo‘lib, 13,2 foizni tashkil etdi. Madad Invest Bankda esa muammoli kreditlar ulushi 10 foizga teng bo‘ldi. Shuningdek, Anor Bankda 8,8 foiz yoki 1,1 trillion so‘m, Garant Bankda 7,7 foiz va AVO Bankda 6,8 foiz miqdorida muammoli kreditlar qayd etildi.
Davlat ulushi bo‘lmagan yirik banklarda esa ko‘rsatkichlar tizim bo‘yicha o‘rtacha darajadan past. Kredit portfeli 39,3 trillion so‘m bo‘lgan Kapitalbankda NPL ulushi 2,9 foizni, 36,6 trillion so‘mlik portfelga ega Ipoteka-bankda esa 3 foizni tashkil etdi.
Hamkorbankning 30,8 trillion so‘mlik kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi 1,4 foizga teng bo‘ldi. Bu kredit portfeli 10 trillion so‘mdan ortiq bo‘lgan banklar orasidagi eng past ko‘rsatkichdir.
Ipak Yo‘li Bank va Orient Finans Bankda muammoli kreditlar ulushi 2 foizdan oshmadi.
1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zKDB banki va Octobankda muammoli kreditlar qayd etilmagan. Shuningdek, Uzum Bankda bu ko‘rsatkich 0,01 foizni, Apex Bankda 0,05 foizni, Open Bankda 0,5 foizni va Tayanch Mikromoliya Bankda 0,6 foizni tashkil etdi.