Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Saudiya Arabistonining Hadhim Dates kompaniyasi vakili Vael Abdulaziz At-Tuvayjriy bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv viloyat rahbarining Saudiya Arabistoniga ishchi tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, zamonaviy qadoqlash texnologiyalarini joriy etish va eksport logistikasini rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Saudiya kompaniyasining tajribasini Farg‘ona viloyatining agrar salohiyati bilan uyg‘unlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro savdo hajmini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hadhim Dates kompaniyasi 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, xurmo yetishtirish, uni qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, uning tasarrufida 56 mingdan ortiq xurmo palmasi mavjud. Yillik ishlab chiqarish hajmi qariyb 6 ming tonnani tashkil etadi. Kompaniya mahsulotlari turli mamlakatlar bozorlariga yetkazib beriladi.
Hadhim Dates vakillari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurishga taklif etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.