Iqtisod

O‘zbekiston va Ummon geologiya va tog‘-kon sanoatida hamkorlikni muhokama qildi

O‘zbekiston va Ummon geologiya va tog‘-kon sanoatida hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston va Ummon geologiya va tog‘-kon sanoatida hamkorlikni muhokama qildi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Konchilik va geologiya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi Ummon Sultonligida qator ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazdi. Unda tomonlar geologiya, tog‘-kon sanoati, geologik qidiruv ishlari va investitsiyalarni jalb etish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Rustam Yusupov Ummonning Minerals Development Oman (MDO) kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Tomonlar istiqbolli uchastkalarda geologik qidiruv ishlarini tashkil etish, shuningdek, qimmatbaho minerallar konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Tasnim Group kompaniyasi bilan ham alohida muzokaralar o‘tkazildi. Asosiy eʼtibor muhim minerallar sohasidagi hamkorlik, O‘zbekistondagi istiqbolli uchastkalarda qo‘shma geologik qidiruv ishlarini olib borish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston tomoni vakillari, shuningdek, Ummon Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo, sanoat va investitsiyalarni rag‘batlantirish vazirligi, shuningdek, Maxsus iqtisodiy zonalar va erkin zonalar davlat boshqarmasi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Bundan tashqari, Ummonning Nine Business Company LLC, Oman Trade Establishment, OQ, Al Zubair Corporation LLC va Asyad Group kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar tog‘-kon sanoati va geologiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi. Tegishli yo‘nalishlarga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.