Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ukraina va O‘zbekiston ikki tomonlama hamda tranzit yuk tashishni liberallashtirish to‘g‘risida protokol imzoladi. Hujjat ukrainalik yuk tashuvchilarning ruxsatnomalarsiz ishlashini nazarda tutadi.
Protokolni Ukraina tiklanish, infratuzilma va transport vaziri Nikolay Kalashnik hamda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov imzoladi.
Kalashnikning so‘zlariga ko‘ra, ruxsatnomasiz tizimga o‘tish ukrainalik tashuvchilar uchun maʼmuriy tartib-taomillar va vaqt sarfini qisqartiradi. Bunday tashuvlarni amalga oshirish endi mavjud ruxsatnomalar soni bilan cheklanmaydi.
Qaror Ukraina va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi anʼanaviy logistika yo‘nalishlari o‘zgarayotgan bir sharoitda qabul qilindi. Ukraina vaziri taʼkidlaganidek, Kiyev muqobil yo‘nalishlarni rivojlantirish va biznes uchun tashish shartlarini soddalashtirish ustida ishlamoqda.
2025 yilda Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi qariyb 315 mln dollarni tashkil etib, bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 14 foizga oshdi. Ukraina tomonining baholashicha, avtomobil tashuvlarini soddalashtirish ikki davlat o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Ukraina «transport vizasizligi» deb ataluvchi tizim geografiyasini izchil kengaytirmoqda. Kalashnikning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 38 ta davlat, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ruxsatnomasiz yuk tashish tizimi amal qilmoqda.
Ukraina vaziri O‘zbekiston tomoniga va shaxsan Ilhom Mahkamovga tashuvchilar faoliyatini soddalashtirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan qarorni qabul qilish va hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.