Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha yangi choralar qabul qilindi. Prezidentning 2026 yil 22 sentyabrdagi O‘P–202-son farmoni energetika bozorini tartibga solish va tariflarni shakllantirish tizimiga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar berdi.
Hujjatga muvofiq, Energetika vazirligi yoqilg‘i-energetika majmuasi korxonalari va isteʼmolchilarga shartnomaviy, servis va boshqa xo‘jalik munosabatlari bo‘yicha individual ruxsatnomalar berish amaliyotini to‘xtatadi.
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi zimmasiga nafaqat elektr energiyasi, balki tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti sohasida ham bozor mexanizmlarini shakllantirish va tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklanadi.
Shu bilan birga, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi preventiv yondashuv asosida ishlaydi. Uning vazifalariga qonunbuzilishlarning oldini olish, profilaktik nazoratni amalga oshirish va ehtimoliy xavflarni erta aniqlash kiradi.
Yoqilg‘i-energetika majmuasi korxonalari o‘z ixtisoslashuviga qarab xo‘jalik va tijorat faoliyatini amalga oshiradi. Bunda yoqilg‘i-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish va realizatsiya qilish nazarda tutilgan.
2027 yil 1 iyuldan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoqilg‘i-energetika majmuasi sohasidagi Idoralararo tarif komissiyasining yagona raqamli platformasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Uni joriy etish komissiya faoliyatining shaffofligi, tezkorligi va samaradorligini oshirishi kerak.
Raqamli platforma orqali tartibga solinadigan korxonalar tarif arizalarini, shuningdek, tariflarni hisoblash uchun zarur bo‘lgan moliyaviy, texnik va boshqa maʼlumotlarni elektron shaklda taqdim etishi mumkin bo‘ladi.
Tarif hisob-kitoblari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tariflarni shakllantirish tartibiga muvofiq avtomatik ravishda amalga oshiriladi.