Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Toshkent metropoliteni» AJ harakat xizmati xodimlari yo‘lovchilarga axborot berish, dizayn va navigatsiya masalalariga bag‘ishlangan «Travel Information, Design and Wayfinding» xalqaro o‘quv seminarida ishtirok etmoqda. Xalqaro jamoat transporti assotsiatsiyasi (UITP) tomonidan tashkil etilgan tadbir Turkiyaning Stambul shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» AJ xabar berdi.
Xodimlarning seminarda ishtiroki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PP-191-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan.
Seminarning birinchi kuni ishtirokchilar yo‘lovchilarga axborot berish va navigatsiya tizimlarini loyihalash, transport uzellarida yo‘lovchilar oqimini tashkil etish, shuningdek, zamonaviy navigatsiya yechimlari va yo‘nalish ko‘rsatkichlarini joriy etish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Shahar mobilligi dizayni sohasidagi fransuz eksperti Yo Kaminagai wayfinding tizimlarining nazariy asoslari hamda universal va inklyuziv dizayn tamoyillarini taqdim etdi. MTR korporatsiyasining arxitektura yo‘nalishi sobiq rahbari Endryu Mid Gonkong metrosida yo‘lovchilarga axborot berish va navigatsiyani tashkil etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U axborot berishning jismoniy va raqamli vositalarini integratsiya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.
INAT Mapping & Wayfinding asoschisi Yug Serovich transport xaritalari va yo‘nalish sxemalarini loyihalashdagi zamonaviy yondashuvlarni taqdim etdi. Zakariya Muhammad Dubay, Abu-Dabi va Fors ko‘rfazi mamlakatlarida qo‘llanilayotgan navigatsiya yechimlari haqida maʼlumot berdi.
Seminarda olingan bilim va tajribadan Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga axborot berish tizimini takomillashtirish, yagona standartlar asosida xaritalar, piktogrammalar va yo‘nalish ko‘rsatkichlarini rivojlantirish, shuningdek, bekatlarda yo‘lovchilar uchun yana-da qulay, xavfsiz va tushunarli muhit yaratishda foydalanish rejalashtirilmoqda.