O‘zbekiston

Xivada O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumi o‘tkaziladi

Xivada O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumi o‘tkaziladi
Xivada O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumi o‘tkaziladi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir 29–30 sentyabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 2026 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidentining Belarusga davlat tashrifining davomi bo‘ladi. Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgan.

Forum kun tartibidan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy bazasini takomillashtirish, sanoat kooperatsiyasi, raqamli transformatsiya, agrosanoat majmuasi, sog‘liqni saqlash, taʼlim va turizm masalalari o‘rin olgan.

Forum doirasida Parlamentlararo komissiya yig‘ilishi, yoshlar parlamentlari uchrashuvi, mahalliy vakillik organlari kengashi, shuningdek, to‘rtinchi O‘zbekiston – Belarus ayollar biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ayollar biznes-forumi so‘nggi uch yil davomida samarali muzokara maydoni sifatida o‘zini namoyon qildi. 2023 yilda Minskda o‘tkazilgan birinchi forumda umumiy qiymati 28,7 million dollardan ortiq bo‘lgan 42 ta hujjat imzolangan. 2024 yilda Toshkentda o‘tkazilgan ikkinchi forumda 89 million dollardan ziyod qiymatga ega 65 ta kelishuv va memorandum, 2025 yildagi uchinchi forumda esa 49 ta hujjat, jumladan, 88,2 million dollarlik tijoriy shartnomalar imzolangan.

To‘rtinchi forum doirasida sanoat kooperatsiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar, gumanitar hamkorlik hamda turizmga bag‘ishlangan to‘rtta tematik seksiya o‘tkazish, shuningdek, B2B va G2B formatlarida uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Tegishli vazirlik va idoralarga tadbirni yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.