Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Xitoyning SOHO Holdings Group kompaniyasi bilan investitsiya, savdo-iqtisodiy, logistika va sanoat sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Uchrashuv O‘zbekistonning Xitoydagi Elchixonasida viloyat delegatsiyasining ish tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Toshkent viloyatining investitsiya salohiyati, mavjud sanoat infratuzilmasi hamda o‘zaro manfaatli bo‘lgan istiqbolli loyihalarni ko‘rib chiqdi.
SOHO Holdings Group Szyansu provinsiyasining Yanchjou shahridagi to‘liq davlatga qarashli eng yirik korporatsiyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya 2023 yilda shaharning to‘rtta yirik davlat korxonasini birlashtirish natijasida tashkil etilgan.
Korporatsiya xomashyo va mineral resurslar savdosi, energetika, xalqaro savdo, to‘qimachilik sanoati, logistika, innovatsion ishlab chiqarish va moliyaviy xizmatlarni o‘z ichiga olgan turli sohalarda faoliyat yuritadi.
SOHO Holdings Group 160 dan ortiq davlat bilan tashqi iqtisodiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Korporatsiya tarkibiga 400 ga yaqin sho‘ba korxonasi kiradi, ularda 25 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi.
Muzokaralar davomida tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, logistika va sanoat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini batafsil muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Toshkent viloyati va Szyansu provinsiyasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini belgilab oldi. Bu yirik loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni ham nazarda tutadi.