Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 15-sentabr kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Cho Chjon Shik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini ilgari surishda ikki mamlakat parlamentlari muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Parlamentlararo “do‘stlik guruhlari” faol ish olib bormoqda, parlament delegatsiyalarining muntazam tashriflari amalga oshirilmoqda, qonun chiqaruvchi organlarning tegishli qo‘mitalari o‘rtasida samarali tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Milliy Assambleya va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkala palatasida “Elektron parlament” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan parlament monitoringini ta’minlash maqsadida o‘zaro hamkorlik mexanizmini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida 2027-yilda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35-yilligi munosabati bilan “parlament diplomatiyasi” yo‘nalishida bir qator tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.