Iqtisod

Toshkent viloyati Xitoyda CACE bilan loyihalarni muhokama qildi

Toshkent viloyati Xitoyda CACE bilan loyihalarni muhokama qildi
Toshkent viloyati Xitoyda CACE bilan loyihalarni muhokama qildi / Foto: Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati va Xitoy Sirkulyar iqtisodiyot assotsiatsiyasi (CACE) resurslardan samarali foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning CACE vakillari bilan uchrashuvi viloyat delegatsiyasining Xitoyga ish tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar Toshkent viloyati sanoati va qishloq xo‘jaligida sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, resurslardan samarali foydalanish, chiqindilarni qayta ishlashni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Xitoy Sirkulyar iqtisodiyot assotsiatsiyasi Xitoyda sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi milliy notijorat tashkilot hisoblanadi. U 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, xususan, sanoat parklarini modernizatsiya qilish, chiqindilarni qayta ishlash va «chiqindisiz shaharlar»ni barpo etish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.

Muzokaralar davomida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini, shuningdek, Xitoy tajribasini Toshkent viloyatida qo‘llash masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ekologik barqaror ishlab chiqarish va resurslardan samarali foydalanish sohalarida amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qiziqish bildirildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.