Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Angren shahri va Xitoyning Xin Lantian kompaniyasi sanoat sohasida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Angren shahri hokimi Alisher Raimov Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Michyuan shahrida Xin Lantian kompaniyasi taʼsischilari bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Xitoy tomoniga Angrenning investitsiya salohiyati, shaharning sanoat infratuzilmasi va loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yangi investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha mis xomashyosini qayta ishlashni tashkil etish, shuningdek, elektr taqsimlash uskunalari va izolyatsiya materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Loyihalarning amalga oshirilishi Angrenda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkonini berishi kutilmoqda.