Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qozog‘iston geologiya sohasida, jumladan, tarmoqni raqamlashtirish, mineral resurslarni qayta ishlash hamda noyob va kamyob yer metallarini ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xabar berdi.
Ikki mamlakat delegatsiyalarining uchrashuvi 13 sentyabr kuni Toshkentda GEOMIN-2026 doirasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan vazirning birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova va vazir o‘rinbosari Rustam Yusupov, Qozog‘iston tomonidan esa sanoat va qurilish vitse-vaziri Iran Sharxan ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida tomonlar geologiya sohasidagi ko‘p yillik hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Alohida eʼtibor sohani raqamlashtirish, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, noyob va kamyob yer metallarini ishlab chiqarish, shuningdek, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
Qozog‘iston delegatsiyasi GEOMIN-2026 doirasida o‘tkazilgan geologiya xizmatlarining xalqaro davra suhbati yuqori darajada tashkil etilganini va uning amaliy ahamiyatini qayd etdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar geologiya sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.