Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik Toshkent va Karachi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi fonida kengaymoqda. Toshkentda ikki mamlakat turizm biznesi vakillari ishtirokida B2B uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda yangi yo‘nalishlar va turistik mahsulotlarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir Centrum Air aviakompaniyasi tomonidan Toshkent — Karachi yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan tashkil etilgan tanishuv FAM Trip turi doirasida o‘tkazildi.
2026 yil 10–12 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tur doirasida Karachidagi turizm biznesining 10 nafar vakili O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Delegatsiya Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib, ularning tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylari, turistik salohiyati hamda zamonaviy infratuzilmasi bilan tanishdi.
Dastur doirasida o‘zbekistonlik turoperatorlar bilan uchrashuvlar ham tashkil etildi. Ishtirokchilar Pokistondan keluvchi sayyohlar uchun yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish va ilgari surish imkoniyatlarini muhokama qildi.
B2B uchrashuvida O‘zbekistonning turistik salohiyati va mavjud turistik mahsulotlari taqdim etildi.
Xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlariga tashriflarni o‘z ichiga olgan tarixiy-madaniy yo‘nalishlarni, Buyuk Ipak yo‘li marshrutlarini ilgari surish, shuningdek, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.