Moliya

O‘zmilliybank O‘zbekistonda CIPS tizimiga ulangan birinchi bank bo‘ldi

O‘zmilliybank O‘zbekistonda CIPS tizimiga ulangan birinchi bank bo‘ldi
O‘zmilliybank O‘zbekistonda CIPS tizimiga ulangan birinchi bank bo‘ldi / Foto: NBU.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (O‘zmilliybank) Xitoyning Chegaralararo banklararo to‘lov tizimi (CIPS)ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan mamlakatdagi birinchi tijorat banki bo‘ldi. Bu haqda O‘zmilliybank maʼlum qildi.

2026 yil 9 sentyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Gonkongga rasmiy tashrifi doirasida O‘zmilliybank CIPS Co., Ltd. operatori bilan tizimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish to‘g‘risida kelishuv imzoladi.

Hujjat ikki mamlakat davlat organlari, moliya institutlari va ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 11-sammiti doirasida imzolandi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish O‘zmilliybankka xitoy yuanidagi chegaralararo operatsiyalarni vositachi bank-korrespondentlardan foydalanmagan holda amalga oshirish imkonini beradi. Qayd etilishicha, bu to‘lovlarni amalga oshirish jarayonini tezlashtirish va tashqi savdo shartnomalariga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish imkonini yaratadi.

CIPS tizimi 130 ta mamlakatdagi 1 800 dan ortiq moliya institutini birlashtiradi. 2025 yilda tizim orqali 180,2 trillion yuandan ortiq miqdorda to‘lovlar amalga oshirilgan.

O‘zmilliybank tomonidan jalb qilingan yuandagi kredit liniyalari hajmi allaqachon 11,5 milliard yuandan oshgan bo‘lib, bu 1,6 milliard AQSH dollariga teng.

Kelgusida CIPSning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokchisi maqomi O‘zmilliybankka O‘zbekistondagi boshqa tijorat banklari uchun hisob-kitob markazi sifatida faoliyat yuritish imkonini beradi. Bu yuanda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob-kitoblarni amalga oshirish milliy kanalini shakllantirish va Xitoy bilan chegaralararo to‘lovlar infratuzilmasini kengaytirish imkonini yaratadi.

O‘zmilliybank 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi tizimli ahamiyatga ega eng yirik bank hisoblanadi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari 12 milliard AQSH dollaridan, kredit portfeli 9 milliard AQSH dollaridan, jami kapitali 1,6 milliard AQSH dollaridan oshgan, sof foydasi esa 160 million AQSH dollariga yetgan.

CIPS Xitoy Xalq banki tomonidan 2015 yilda yuandan xalqaro foydalanish ko‘lamini kengaytirish maqsadida ishga tushirilgan.

SWIFTdan farqli ravishda, ushbu tizim nafaqat moliyaviy xabarlar almashinuvini, balki yuanda kliring va hisob-kitoblarni ham taʼminlaydi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.