Toshkentda Glinka ko‘chasidagi yo‘l cho‘kishi gaz tarmog‘i bilan bog‘liq emas
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida yo‘l qoplamasining cho‘kishi gaz tarmoqlari bilan bog‘liq emas. «Hududgaz Poytaxt» mutaxassislari hodisa joyini tekshirib, tabiiy gaz sizib chiqishi holatlarini aniqlamadi. Bu haqda «Hududgaz Poytaxt» filiali xabar berdi.
Tashkilot maʼlum qilishicha, hodisa joyi orqali yuqori bosimli gaz quvuri o‘tmaydi. Tekshiruv davomida tabiiy gaz sizib chiqishi holatlari ham aniqlanmagan.
Hodisa avvalroq Glinka ko‘chasida kuchli portlashdan so‘ng sodir bo‘lgan. Yo‘lning qatnov qismida cho‘kish yuzaga kelgan va shu munosabat bilan mazkur uchastkada transport harakati vaqtincha cheklangan.
Poytaxt hokimligi vaziyatni alohida nazoratga oldi. Hodisa joyida tegishli xizmatlar va mutaxassislar ishlamoqda. Ular yo‘l qoplamasi shikastlanishining sabablarini aniqlash, hodisa oqibatlarini bartaraf etish va yo‘l qismini tiklash ishlarini olib bormoqda.
Avvalroq guvohlar yo‘lning cho‘kishiga issiqlik tarmog‘ining shikastlanishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan edi. Veolia Energy Tashkent kompaniyasi avariyaviy-tiklash brigadasi va korxona mutaxassislari voqea holatlarini aniqlash uchun zudlik bilan hodisa joyiga yetib borganini maʼlum qildi. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, sizib chiqish holatlari ham qayd etilmagan.
Hodisa oqibatida bir kishi yengil tan jarohatlarini olgan. Unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ayni paytda tegishli tashkilotlar hodisa sabablarini aniqlash va uning oqibatlarini bartaraf etish ishlarini davom ettirmoqda. Ko‘riladigan keyingi choralar va amalga oshirilayotgan ishlar natijalari haqida qo‘shimcha maʼlumot beriladi.