Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH davlat kotibi Marko Rubio Samarqand yana jahon savdosining muhim markazlaridan biriga aylanayotganini bildirdi. Uning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida eʼlon qilingan video murojaatida Vashingtonning O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi. Shuningdek, u mintaqadagi ishbilarmonlik muzokaralarida Amerika kompaniyalari ishtirok etayotganini qayd etdi.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, AQSHdan yuzlab kompaniyalar shartnomalar tuzish va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun Markaziy Osiyoga kelgan.
«Yer yuzida tarixan jahon savdosida Samarqandchalik muhim o‘rin tutgan joylar ko‘p emas. Bugun ushbu go‘zal majmuada nafaqat tarixni yodga olish, balki kelajakda oldimizda ochilayotgan imkoniyatlar haqida fikr yuritish uchun bo‘lish men uchun katta sharaf», — dedi davlat kotibi.
Uning taʼkidlashicha, AQSH O‘zbekiston bilan savdo, ilm-fan, texnologiyalar va boshqa sohalarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyatni ko‘rmoqda. Rubioning aytishicha, Amerika biznesi shartnomalar tuzish va ikki mamlakat, mintaqa hamda Qo‘shma Shtatlarga o‘zaro manfaat keltiradigan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.
Rubio, shuningdek, Samarqandning savdo chorrahasi sifatidagi tarixiy ahamiyatini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar ko‘p asrlar davomida xalqaro savdo yo‘llarining bir qismi bo‘lib kelgan va endi AQSH uning savdo salohiyatini rivojlantirishda ishtirok etishni maqsad qilgan.
«Ko‘p asrlar davomida jahon savdosi Samarqand orqali o‘tgan. Bugun savdo bu yerga qaytayotir va biz uning faol ishtirokchisi bo‘lishni istaymiz. Ushbu hamkorlik yana-da rivojlanishiga umid qilamiz», — dedi davlat kotibi.