Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 27–28 oktyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Markaziy banki, Malayziyaning INCEIF universiteti va Al Muamalat Consulting LLC kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan SIFF 2026 islom moliyasi forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum xalqaro moliya tashkilotlari, markaziy banklar, tartibga soluvchi organlar, islom moliyasi institutlari, ilmiy hamjamiyat va xususiy sektor vakillarini birlashtiradi.
Tadbirda Islom taraqqiyot banki (IsDB), Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Islom moliyaviy xizmatlar kengashi (IFSB), Islom moliya institutlari buxgalteriya hisobi va auditi tashkiloti (AAOIFI) hamda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, forumda Malayziya, Indoneziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston markaziy banklari vakillari ham qatnashishi rejalashtirilgan.
SIFF 2026 doirasida Markaziy Osiyoda islom moliyasini rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish va ushbu sohadagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy yechimlarni izlashga asosiy eʼtibor qaratiladi.
Ishtirokchilar mintaqada islom moliyasining joriy holati va istiqbollarini, shuningdek, uning rivojlanishini jadallashtirish choralarini muhokama qiladi.
Forum dasturiga islom moliyasi standartlariga muvofiq korporativ boshqaruv, risklarni boshqarish va ichki nazorat masalalari kiritilgan.
Alohida sessiyalar islom kapitali bozorlari va likvidlikni boshqarish vositalariga bag‘ishlanadi. Bundan tashqari, ishtirokchilar inson kapitalini rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash va islom moliyasi sohasidagi taʼlim dasturlarini ko‘rib chiqadi.
Yana bir muhim yo‘nalish islom moliyasiga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlashdan iborat bo‘ladi.
Jumladan, moliyaviy savodxonlikni oshirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Tashkilotchilar forum tartibga soluvchi organlar, xalqaro moliya tashkilotlari, banklar, investorlar, ekspertlar, akademik hamjamiyat va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish hamda amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun maydon bo‘lib xizmat qilishini kutmoqda.