Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Mehmonxona biznesi, turizm va tadbirlarni tashkil etish sohalarida faoliyat yurituvchi O‘zbekistonning TEG kompaniyasi StageWise Strategies Corp. bilan birlashish bo‘yicha bitimni yakunladi.
Bu birlashgan TEG Overseas, Inc. kompaniyasiga AQSHning ochiq kapital bozoriga chiqish imkonini beradi. Uning oddiy aksiyalari OTC Markets savdo maydonchasida sotiladi.
TEG SPV LLC 2026 yil 14 oktyabrda bitim yakunlanganini maʼlum qildi. Birlashish aksiyalarni almashish to‘g‘risidagi kelishuv asosida rasmiylashtirildi. Uning shartlariga ko‘ra, TEG yangi ommaviy kompaniyaning asosiy operatsion biznesiga aylandi.
TEG kompaniyasi ochiq kapital bozoriga chiqish orqali kelgusidagi xaridlarni moliyalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston va mintaqadagi mehmonxona hamda ko‘rgazma obyektlari portfelini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Mehmonxonalar va ko‘rgazma infratuzilmasi
TEG portfeliga Hilton Tashkent City mehmonxonasi, Wyndham Bukhara mehmonxonasi va Markaziy Osiyodagi ko‘p funksiyali ko‘rgazma hamda kongress markazi — Central Asian Expocenter (CAEx) kiradi.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilda uning aktivlari portfeli 42,9 mln dollarlik tushum va 14,4 mln dollarlik sof foyda keltirgan. 2024 yilga nisbatan tushum 22 foizga, sof foyda esa 215 foizga oshgan.
TEG direktorlar kengashi raisi Anita Mendirattaning taʼkidlashicha, mehmonxona aktivlari, xalqaro brendlar bilan hamkorlik va rivojlanish strategiyasi kompaniyaning kelgusi o‘sishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning ochiq kapital bozoriga chiqishi O‘zbekistonda turistik va ishbilarmonlik faolligi kengayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Turizm o‘sish omili sifatida
TEG xabarida keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga qariyb 11,7 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 47 foizga ko‘pdir. Kompaniya, shuningdek, 2026 yilning birinchi choragida UN Tourism tashkiloti O‘zbekistonni xalqaro turizmda keluvchilar soni bo‘yicha eng tez o‘sib borayotgan bozorlar qatoriga kiritganini maʼlum qildi.
TEG tarmoqning o‘sishini iqtisodiy islohotlar, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va xalqaro transport qatnovlarini kengaytirish bilan bog‘lamoqda. Kompaniya bahosiga ko‘ra, ushbu omillar mehmonxona biznesi, ishbilarmonlik safarlari va xalqaro tadbirlarni yil davomida o‘tkazish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
AKFA Group bilan aloqalar
TEG Markaziy Osiyodagi xususiy biznes guruhi — AKFA Group tarkibiga kiradi. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, guruhda qariyb 38 ming nafar xodim ishlaydi. Guruhga 2001 yilda Toshkentda tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan asos solingan.
Guruh faoliyati bir nechta yo‘nalishni qamrab oladi. Ular qatoriga Artel brendi ostida maishiy elektronika ishlab chiqarish, AKFA brendi ostida alyuminiy profillar tayyorlash, qurilish, sog‘liqni saqlash, taʼlim, turizm va ko‘ngilochar xizmatlar kiradi.
TEG taʼkidlashicha, AKFA Group tarkibiga kirish kompaniyaga ishbilarmonlik aloqalari, resurslar, shuningdek, development va qurilish sohasidagi hamkorlar tajribasidan foydalanish imkonini beradi. Bu strategik loyihalarni amalga oshirishga ham ko‘maklashadi.
TEG investori Irodahon Abduvahitova AKFA Group bilan hamkorlik kompaniyaning rivojlanishida muhim o‘rin tutganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruh resurslarini TEGning sohaga oid tajribasi bilan birlashtirish yangi imkoniyatlarni aniqlash va O‘zbekiston hamda qo‘shni mamlakatlardagi faoliyatni kengaytirishga yordam beradi.
Kengayish rejalari
Bitim yakunlanganidan so‘ng TEG AQSH kapital bozori imkoniyatlaridan xaridlarni moliyalashtirish va mehmonxona hamda MICE obyektlarini yana-da rivojlantirish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda. MICE sohasi ishbilarmonlik uchrashuvlari, rag‘batlantiruvchi safarlar, konferensiyalar va ko‘rgazmalarni tashkil etishni qamrab oladi.
Kompaniya mavjud aktivlarga egalik qilish va ularni boshqarish modeli, mahalliy bozorni bilish, xalqaro mehmonxona brendlari bilan hamkorlik hamda AKFA Group resurslariga tayangan holda sayyohlar va ishbilarmonlik safarlariga keluvchilar uchun xizmatlar turini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
TEGning moliyaviy maslahatchilari sifatida Kingswood Capital Partners, LLC tarkibidagi Kingswood ArcStone bo‘linmasi va Bluestone Investment Bank ishtirok etdi. Kompaniyaga yuridik xizmatlarni Ellenoff Grossman & Schole LLP va Dentons Uzbekistan ko‘rsatdi. StageWise Strategies Corp. manfaatlarini Hunter Taubman Fischer & Li LLC himoya qildi.
TEG O‘zbekiston va mintaqada mehmonxona, ko‘rgazma va turizm obyektlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan.