Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha Global forumi Ekspert baholash va monitoring guruhi (PRMG) yig‘ilishida ishtirok etdi.
Ishchi sessiyalar Parij shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida O‘zbekiston Global forum tomonidan o‘tkazilgan ekspert tekshiruvi jarayonida baholanayotgan yurisdiksiya sifatida ishtirok etdi.
Baholash jarayoni qariyb bir yil davom etdi. Bu davrda Soliq qo‘mitasi Global forum ekspertlari guruhi bilan hamkorlik qildi, shuningdek, ishga mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari jalb etildi.
Tartib-taomil doirasida mutaxassislar soliq shaffofligiga aloqador milliy qonunchilik va davlat organlarining ish amaliyotini o‘rgandi. Shuningdek, amaldagi maʼmuriy tartib-taomillar xalqaro talablarga muvofiqligi nuqtai nazaridan tahlil qilindi.
Ishchi sessiyalar davomida asosiy eʼtibor so‘rov bo‘yicha axborot almashish xalqaro standarti (EOIR)ni amalga oshirishga qaratildi. Ishtirokchilar o‘tkazilgan ekspert baholash natijalarini ham muhokama qildi.
O‘zbekiston 2022 yildan buyon IHTTning Global forumi aʼzosi hisoblanadi. Tashkilot tarkibiga kiruvchi davlatlar va yurisdiksiyalar uchun ekspert baholashidan o‘tish belgilangan tartib-taomillarda nazarda tutilgan. Ushbu baholash milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotining shaffoflik hamda so‘rov bo‘yicha axborot almashish xalqaro standartiga qay darajada muvofiqligini aniqlash imkonini beradi.
Jarayon yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning rasmiy hisoboti va baholash natijalari belgilangan tartib-taomillar tugallanganidan so‘ng IHTT saytida eʼlon qilinadi.
Mamlakatning ekspert baholashida ishtirok etishi soliq shaffofligining xalqaro standartlarini joriy etish hamda boshqa davlatlarning soliq maʼmuriyatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni aks ettiradi.