Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Germaniyaning Rhenus SE & Co. kompaniyasi boshqaruv kengashi aʼzosi Andreas Shtyokli bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar transport logistikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yuk terminallarini modernizatsiya qilish va xalqaro tashuvlar samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ va Rhenus kompaniyalar guruhi tomonidan tashkil etilgan UzContargo qo‘shma korxonasi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari Andijondagi yuk terminalini rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish, shuningdek, O‘zbekistonga yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish maqsadida «yashil koridorlar»ni tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Ilhom Mahkamov, shuningdek, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyihaning amalga oshirilishi haqida maʼlumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Andijonda zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish yangi xalqaro transport koridorining jozibadorligi va tranzit salohiyatini oshirish imkonini beradi.
O‘z navbatida, Andreas Shtyokli Rhenus kompaniyasining Toshkent viloyati, Samarqand va Termizda yuk terminallarini rivojlantirish loyihalarida keyinchalik ham ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
U O‘zbekistonning mintaqaviy transport-logistika xabini shakllantirish salohiyatini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni davom ettirish va transport-logistika sohasidagi istiqbolli loyihalar ustida birgalikda ishlash niyatini tasdiqladi.