Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi ko‘mir, sement va unning birja savdolari orqali realizatsiya qilinishini tahlil qiladi.
Tahlil doirasida mutaxassislar mazkur mahsulotlar narxlarining dinamikasi, ularning birjada realizatsiya qilish hajmlari, shuningdek, hududlar kesimidagi xarid hajmlarini o‘rganadi.
Mahsulotlarni ichki bozorda realizatsiya qilishda belgilangan talablarga rioya etilishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Ichki bozorda ko‘mir mahsulotlari faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi kerak.
Sement uchun ham ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining belgilangan qismini ichki bozorda faqat birja orqali realizatsiya qilish talabi belgilangan.
Davlat resurslaridan bug‘doyni birja savdolari orqali xarid qiladigan un ishlab chiqaruvchilarga nisbatan ham alohida talablar amal qiladi. Ular belgilangan miqdordagi un va kepakni birja orqali realizatsiya qilishi shart.
Tahlilning asosiy vazifasi birja savdolarini o‘tkazishda bozor tamoyillariga rioya etilishini, mahsulotlar realizatsiyasining shaffofligini va narxlarni shakllantirish jarayonlarini baholashdan iborat.
Qo‘mita, shuningdek, hududlar kesimida mahsulotlarni realizatsiya qilish va xarid qilish ko‘rsatkichlarini o‘rganadi. Bu mazkur mahsulot turlarining birja bozoridagi vaziyatni baholash imkonini beradi.