Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda mehnat faoliyatini boshlayotgan, kasb-hunar o‘rganayotgan yoki o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator soliq imtiyozlari nazarda tutilgan.
Jumladan, tadbirkorlarning ayrim toifalari 30 yoshga to‘lmagan xodimlari uchun ijtimoiy soliqni standart 12 foiz o‘rniga 1 foiz stavkada to‘lashi mumkin.
Imtiyoz chakana savdo, umumiy ovqatlanish, mehmonxona biznesi, yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalari, kompyuterlar va maishiy texnika taʼmiri bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, veterinariya va ko‘ngilochar xizmatlar sohasidagi tashkilotlarga tatbiq etiladi.
1 foizlik stavkani qo‘llash uchun yosh xodimning oylik ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,5 baravaridan kam bo‘lmasligi, korxona umumiy daromadida esa belgilangan faoliyat turlaridan olingan daromadlar ulushi kamida 60 foizni tashkil etishi kerak. Ushbu imtiyoz 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.
Qo‘llab-quvvatlashning yana bir chorasi 30 yoshga to‘lmagan maktab, kollej va texnikum o‘quvchilariga taalluqli. 2024 yil 1 sentyabrdan 2027 yil 1 sentyabrgacha taʼlim oluvchilarning korxonalarda kasb-hunarni o‘zlashtirish jarayonida olgan mehnat daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, respublika ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llari bo‘ylab sayyor savdoni tashkil etgan 30 yoshga to‘lmagan yosh tadbirkorlar faoliyatining dastlabki olti oyi davomida tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha soliq to‘lashdan ozod etiladi. Ushbu imtiyoz ham 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.
Professional va oliy taʼlim tashkilotlari o‘quvchilarining taʼlim muassasalari hududida ko‘rsatiladigan pullik o‘quv kurslari, sport to‘garaklari va boshqa taʼlim xizmatlaridan olingan daromadlari jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.
Soliq yukini kamaytirish va bandlikni qo‘llab-quvvatlash
Soliq organlari vakilining chiqishida taʼkidlanishicha, imtiyozlar tadbirkorlarni yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirishga qaratilgan. Ijtimoiy soliq stavkasining 12 foizdan 1 foizga tushirilishi ish beruvchilarning soliq yukini kamaytiradi va yosh xodimlarni ishga qabul qilishni iqtisodiy jihatdan manfaatliroq qiladi.
Korxonada kasb-hunarni o‘zlashtirish bilan bir vaqtda taʼlim olish imkoniyatiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
O‘quvchilar amaliy tajriba orttirishi va mehnat daromadiga ega bo‘lishi, ish beruvchilar esa yosh mutaxassislarni imtiyozli soliq shartlari asosida jalb qilishi mumkin.
Rejalashtirilgan chora-tadbirlar yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandlik imkoniyatlarini kengaytirish va o‘qish davomida kasbiy ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan.