Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa idoralari rahbarlari Botir Qudratxo‘jayev va Aydos Mirzaxmetov bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi maʼlum qilishicha, muzokaralar chorshanba kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tdi.
Botir Qudratxo‘jayev bilan uchrashuvda Rossiya vaziri o‘zbekistonlik hamkasbini yangi lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi. Shuningdek, mazkur tayinlov ikki tomonlama harbiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki berishini taʼkidladi.
Rossiya mudofaa idorasi xabarida aytilishicha, tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.
Aydos Mirzaxmetov bilan muzokaralarda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi harbiy sohadagi hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Belousov general-mayorni Qozog‘iston mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, uning yangi lavozimdagi faoliyati ikki mamlakat mudofaa idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvlar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlari kengashining Cho‘lpon-Ota shahrida payshanba kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi arafasida o‘tkazildi.