Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ (UzNIF) ishonchli boshqaruvchisi Franklin Templeton bilan hamkorlikda 13–15 oktyabr kunlari Toshkentda ikkinchi UzNIF Investor Day 2026 tadbirini o‘tkazdi.
Tadbirda 60 ta global va mintaqaviy aktivlarni boshqaruvchi kompaniya vakillarini o‘z ichiga olgan 200 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Bu haqda Franklin Templeton maʼlum qildi.
Investorlardan tashqari, tadbirda davlatning yuqori martabali vakillari, investitsiya tahlilchilari, jamg‘arma portfeliga kiruvchi kompaniyalar vakillari hamda biznes rahbarlari qatnashdi.
Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyodan kelgan investorlar O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari va jamg‘arma portfelidagi kompaniyalarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishdilar.
Uch kunlik dastur 2026 yil may oyida jamg‘arma aksiyalari London fond birjasi va “Toshkent” respublika fond birjasida joylashtirilganidan keyin o‘tkazildi.
Dastur obyektlarga tashriflar, hukumat va Markaziy bank vakillarining chiqishlari, asosiy tarmoqlarga bag‘ishlangan ekspertlar muhokamalari, shuningdek, jamg‘arma va portfel kompaniyalari rahbariyati bilan yakka tartibdagi hamda guruhli uchrashuvlarni qamrab oldi.
Dastur 13 oktyabr kuni jamg‘armaning asosiy aktivlariga tashrif buyurish bilan boshlandi. Ishtirokchilar Chorvoq gidroelektr stansiyasi, Qodiriya suv tozalash stansiyasi hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va taʼmirlash korxonasiga bordilar.
Ertasi kuni davlat idoralari va soha vakillari investitsiya muhiti, energetika, telekommunikatsiya va transport tarmoqlaridagi imkoniyatlarni muhokama qildilar.
Tadbir 15 oktyabr kuni investorlarning portfel kompaniyalari bilan uchrashuvlari orqali yakunlandi. Uchrashuvlarda biznes strategiyalari, investitsiya rejalari va kelgusi istiqbollar muhokama qilindi.
Templeton Asset Management kompaniyasi bosh ijrochi direktori va Templeton Global Investments investitsiyalar bo‘yicha direktori Manraj Sexonning taʼkidlashicha, O‘zbekistondagi islohotlar, mamlakatning strategik joylashuvi va iqtisodiyotning diversifikatsiya qilingani xorijiy investorlar uchun uzoq muddatli imkoniyatlar yaratmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yil may oyida jamg‘arma aksiyalarining muvaffaqiyatli birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirilishi buni tasdiqlaydi. Sexon tadbir ishtirokchilarga kompaniyalar va davlat vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkonini berganini qayd etdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Franklin Templeton UzNIF orqali davlat aktivlarini global kapital bilan bog‘lashga ko‘maklashmoqda. Kompaniya investorlar bilan ishlash, kapital jalb qilish va kapital bozorlarini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
Templeton Global Investments kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha ijrochi direktori Marius Danning aytishicha, jamg‘arma aksiyalarining birja listingi xalqaro va mahalliy investorlarga mamlakat iqtisodiy o‘zgarishlarida ishtirok etish imkonini berdi.
Uning taʼkidlashicha, endi asosiy vazifa uzoq muddatli qiymat o‘sishini taʼminlaydigan tashabbuslarni amalga oshirishdan iborat. Bunday tashabbuslar qatorida mustaqil nazorat, kapitalni intizomli taqsimlash va jamg‘arma portfelidagi faoliyatning yana-da shaffofligini taʼminlash bor.
Jamg‘arma O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar dasturi doirasida Prezidentning 2024 yil 27 avgustdagi PQ-303-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari kapital bozorlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va davlat korxonalarining qiymatini oshirishdan iborat.
UzNIF portfeli transport, moliyaviy xizmatlar, energetika, kommunal xo‘jalik va telekommunikatsiya sohalarida faoliyat yurituvchi 13 ta davlat korxonasining 25 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan ulushlarini qamrab oladi.
Jamg‘armaning ishonchli boshqaruvchisi vazifasini «Franklin Templeton Asset Management» XKCHJ bajaradi.