Iqtisod

Ustyurt mintaqasida yangi gaz-kondensat koni ochildi

Ustyurt mintaqasida yangi gaz-kondensat koni ochildi
Ustyurt mintaqasida yangi gaz-kondensat koni ochildi / Foto: “O‘zbekneftegaz” AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ustyurt mintaqasining markaziy qismida olib borilgan geologik qidiruv ishlari natijasida yangi Qoratog‘ gaz-kondensat koni ochildi. Bu haqda “O‘zbekneftegaz” AJ xabar berdi.

Qoratog‘ maydoni maʼmuriy jihatdan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida joylashgan. Qidiruv ishlari doirasida bu yerda chuqurligi 4 860 metr bo‘lgan №1 quduq qazildi.

3 oktyabr kuni quduqni sinash jarayonida 3 273–3 213 metr chuqurlikdagi quyi yura yotqiziqlaridan tabiiy gaz va kondensatning sanoat miqyosidagi oqimi olindi. Sinov natijalariga ko‘ra, yangi gaz-kondensat koni ochilgani tasdiqlandi.

Qoratog‘ maydonidagi keyingi ishlar joriy yil oxiriga qadar davom ettiriladi. Rejaga ko‘ra, bu yerda №2 qidiruv qudug‘ini burg‘ilash ishlarini yakunlash, shuningdek, №3 va №4 qidiruv-razvedka quduqlarini burg‘ilashga kirishish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftegaz” maʼlumotlariga ko‘ra, Qoratog‘ maydonida olib borilgan geologik qidiruv ishlaridan olingan natijalar Ustyurt mintaqasida uglevodorodlarning chuqur qatlamlarini o‘rganishning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash uchun imkoniyat yaratadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.