Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati va Boshqirdiston Respublikasi yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda mintaqalararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov «Farg‘ona Ekspo» markazida Boshqirdiston Respublikasining tashqi iqtisodiy aloqalar va kongress faoliyati vaziri Margarita Bolicheva bilan uchrashdi. Uchrashuv O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini va texnologik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi qo‘shma loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, uchrashuv ishtirokchilari Boshqirdistonda fermer xo‘jaliklari uchun ajratilayotgan yer uchastkalaridan samarali foydalanish, shuningdek, farg‘onalik tadbirkorlarning respublikada tashkil etilayotgan texnopark hududida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishi uchun imkoniyatlar yaratish masalalarini muhokama qildi.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi elektron savdo platformalarini o‘zaro integratsiya qilish bo‘lishi mumkin.
Tomonlar bahosiga ko‘ra, ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish ikki hudud tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida delegatsiyalar almashinuvi bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.
Iqtisodiy hamkorlikdan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yana-da rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildi.