Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hududining geologik o‘rganilganlik darajasi 2016–2025 yillarda 20 foizdan 45 foizga oshdi, o‘rganilgan hudud maydoni esa 89 mingdan 200 ming kvadrat kilometrga yetdi. Shu davrda 185 ta istiqbolli uchastka va foydali qazilmalarning 50 dan ortiq koni aniqlandi.
2025 yilda geologiya-qidiruv ishlari 289 ta loyiha doirasida amalga oshirildi. Ular yakunlari bo‘yicha 33 ta yangi kon aniqlanib, ularning zaxiralari tasdiqlandi. 2026 yilda qidiruv ishlari 275 ta loyiha bo‘yicha davom ettirilmoqda.
«O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida 60 ming kvadrat kilometr maydonda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish vazifasi belgilangan. Shu bilan birga, oltin ishlab chiqarishni 1,5 barobar, kumushni uch barobar, misni esa 3,5 barobar oshirish nazarda tutilgan.
Geologiya sohasini raqamlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlat geologiya fondining 36 mingta geologik hisoboti elektron shaklga o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekistonning 1:200 000 masshtabdagi raqamli geologik va gidrogeologik xaritalari yaratildi, yer qaʼrini paydalinish sohasidagi yettita davlat xizmati raqamli formatga o‘tkazildi.
Geologiya-qidiruv ishlarini olib borishda sunʼiy intellekt, zamonaviy geofizik va aerogeofizik texnologiyalar, shuningdek, 3D-modellashtirishdan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
2017–2025 yillarda foydali qazilmalar konlarini qidirish va o‘zlashtirish loyihalariga 7,8 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Ayni paytda sohada 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, 2026–2030 yillarda kritik ahamiyatga ega minerallar sohasida umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan 120 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ushbu maʼlumotlar Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida taqdim etildi.
Tadbirda, shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar, geologiya-qidiruv ishlarining natijalari, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish va yangi investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi.