Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onalik dasturchi Muhammadkodir Abduvoitov tomonidan yaratilgan Braille Recognition startapi «AI for Public Good» («Jamiyat manfaati uchun sunʼiy intellekt») nominatsiyasida ASOCIO Digital & AI Awards 2026 xalqaro mukofoti g‘olibi bo‘ldi.
Mukofot loyiha asoschisiga Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda topshirildi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
ASOCIO Digital & AI Awards 2026 tadbirlari 5–7 oktyabr kunlari Indoneziya poytaxtida bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlaridan raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.
«AI for Public Good» kategoriyasida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan Brayl yozuvini tanib olish uchun foydalanadigan Braille Recognition loyihasi g‘olib deb topildi.
Mobil ilova smartfon kamerasi yordamida Brayl alifbosida yozilgan matnni tanib olish va uni oddiy matnga aylantirish imkonini beradi. Bunday funksiyadan ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan insonlar, ularning yaqinlari, shuningdek, taʼlim sohasida foydalanish mumkin.
ASOCIO Digital & AI Awards mukofotidagi yuqori eʼtirof farg‘onalik dasturchi va uning ijtimoiy vazifalarni hal etishda raqamli texnologiyalardan foydalanishga yo‘naltirilgan loyihasi uchun xalqaro yutuq bo‘ldi.
ASOCIO Digital & AI Awards mukofoti mintaqa texnologik sohasi vakillarini birlashtiruvchi Osiyo-Tinch okeani kompyuter sanoati tashkiloti (ASOCIO) tomonidan taʼsis etilgan.