Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-oktyabr Jahon banki ishtirokidagi “Hududlarni barqaror rivojlantirish uchun fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi” loyihasi doirasida Koreyaning LX korporatsiyasi bilan Manzillar tizimini takomillashtirish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan shartnoma imzolandi.
Uch yil davomida amalga oshiriladigan mazkur shartnoma O‘zbekistonda zamonaviy, yangi metodikaga asoslangan manzillar tizimini shakllantirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida quyidagi asosiy vazifalar bajariladi:
- Milliy manzillar tizimi strategiyasini ishlab chiqish — tizimni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya va yillik harakatlar rejalarini tayyorlash.
- Manzil berish standartlarini ishlab chiqish — manzillarni shakllantirish, yuritish va almashish bo‘yicha yagona milliy standartlarni xalqaro talablar asosida takomillashtirish.
- Huquqiy va institutsional asoslarni mustahkamlash — amaldagi qonunchilikni tahlil qilish, zarur o‘zgartirishlar bo‘yicha takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash.
- Manzil berish metodikasini yangilash — manzillarni yaratish, o‘zgartirish, yangilash va bekor qilish bo‘yicha yagona reglament hamda zamonaviy metodologiyalarni ishlab chiqish.
- Axborot tizimiga qo‘yiladigan texnik talablarni takomillashtirish — Milliy manzillar tizimi axborot tizimini loyihalash va boshqa tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish uchun zarur texnik hujjatlarni tayyorlash.
- Idoralararo hamkorlikni rivojlantirish — manzil ma’lumotlarini shakllantirish va almashish bo‘yicha vakolatli davlat organlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari loyihalarini ishlab chiqish.
Shartnoma natijasida Milliy manzillar tizimini xalqaro ISO 19160 standartiga mos holatda shakllantirish uchun zarur bo‘lgan strategik, huquqiy, institutsional va texnik asoslar ishlab chiqiladi, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari takomillashtiriladi hamda manzil ma’lumotlarini yagona tizim asosida boshqarish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Mazkur ishlar O‘zbekistonda fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasini rivojlantirish, davlat xizmatlari samaradorligini oshirish va ishonchli manzil ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.