Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimligi Saudiya Arabistonining Tamimi Energy Group kompaniyalar guruhi bilan energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Muzokaralar Farg‘ona viloyati hokimi Hayrullo Bozorovning Saudiya Arabistoniga ishchi tashrifi doirasida Er-Riyod shahrida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda kompaniyaning tijorat masalalari bo‘yicha bosh direktori Yahyo Balharis ishtirok etdi.
Tamimi Energy Group Tamimi Holding tarkibiga kiradi. Kompaniya energetika, neft-gaz va neft-kimyo sanoati, elektr energetikasi, suv taʼminoti hamda sanoat infratuzilmasi sohalarida faoliyat yuritadi.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, guruh Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlardagi energetika hamda sanoat obyektlari uchun muhandislik yechimlarini amalga oshirish bo‘yicha 50 yildan ortiq tajribaga ega.
Muzokaralar davomida tomonlar energetika sohasidan tashqari yo‘nalishlarda ham hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Xususan, Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ularni saqlash va qadoqlash uchun zamonaviy quvvatlarni tashkil etish, chorvachilik sohasida yangi loyihalarni ishga tushirish, shuningdek, energetika infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Hayrullo Bozorov viloyatning qishloq xo‘jaligi va sanoat salohiyati, investitsiya imkoniyatlari hamda xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuv ishtirokchilari Saudiya kompaniyasining texnologik va sohaviy tajribasini Farg‘ona viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari bilan birlashtirish orqali o‘zaro manfaatli investitsiya tashabbuslarini ishlab chiqish istiqbollarini ham muhokama qildi.
Ko‘rib chiqilgan yo‘nalishlar amaliy loyihalarni keyingi bosqichda ishlab chiqish va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun asos sifatida foydalanilishi rejalashtirilgan.