Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Minskda 2 oktyabr kuni MDH davlatlari savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv «INNOPROM. Belarus» II xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazildi.
Majlisda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov, shuningdek, MDH davlatlarining savdo-sanoat palatalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar asosiy eʼtiborni savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirishga qaratdi. Hamdo‘stlik mamlakatlari tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash masalasiga ham alohida eʼtibor berildi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi amaliy hamkorlik allaqachon o‘zbek kapitali ishtirokidagi loyihalarni qamrab olgan. Ular chorvachilik, elektrotexnika, mashinasozlik, yengil sanoat, qurilish materiallari, mebel va farmatsevtika ishlab chiqarish kabi sohalarda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, chorvachilik sohasida Belarusda 39 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida 56,9 ming bosh qoramol yetishtirish rejalashtirilgan. Tashabbuslarning umumiy qiymati 107,2 mln AQSH dollarini tashkil etadi.
Shu bilan birga, o‘zaro savdo hajmi ham o‘sib bormoqda. Majlisda taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 965 mln AQSH dollarini tashkil etgan. 2026 yil yanvar–avgust oylarida esa ushbu ko‘rsatkich 731,3 mln AQSH dollariga yetgan.
Davron Vahabov savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitish, tadbirkorlarning yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Ishtirokchilar, shuningdek, biznes vakillarini xalqaro ko‘rgazmalar va ishbilarmonlik tadbirlariga yana-da faol jalb qilish, tajriba almashish hamda MDH davlatlari tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Majlis yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma ishbilarmonlik va ko‘rgazma tadbirlari sonini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yangi investitsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.