Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Avstriyaning Bauer kompaniyasi qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish sohasida hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Bauer kompaniyasining moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori Andreas Shitter bilan uchrashdi. Tomonlar hamkorlikning joriy holati va keyingi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni yetkazib berish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, tomonlar zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish tizimlaridan foydalanish orqali sug‘orish samaradorligini oshirish, suv resurslarini tejash va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini taʼminlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha «O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish» loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida shartnoma loyihasi imzolandi. Hujjat zamonaviy yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini yetkazib berish va to‘liq o‘rnatishni nazarda tutadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida taʼkidlanishicha, suv resurslaridan oqilona foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish agrar sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bauer kompaniyasi bilan hamkorlikning yangi bosqichi qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish sohasida xorijiy tajriba va zamonaviy yechimlarni yana-da qo‘llashni nazarda tutadi.