Iqtisod

Namanganda zamonaviy avtobuslar soni 130 taga yetdi

Namanganda zamonaviy avtobuslar soni 130 taga yetdi
Namanganda zamonaviy avtobuslar soni 130 taga yetdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan shahrida jamoat transportini yangilash ishlari davom etmoqda. Shaharda zamonaviy avtobuslar soni 130 taga yetdi.

Prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi PQ-59-son qarori ijrosi doirasida tadbirkorlar Namangan shahriga 108 ta zamonaviy avtobus olib keldi. Ushbu avtobuslar asosida brutto-shartnomalar tizimi bo‘yicha 10 ta yo‘nalishda yo‘lovchi tashish xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, ekologik toza transport vositalarining ulushi ham ortib bormoqda. Xususan, «Firdavs trans servis» MCHJ 12 ta “Yutong” rusumli avtobus xarid qildi. Viloyat hokimligi maʼlumotlariga ko‘ra, bu 25 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.

Yangi avtobuslar taqdimoti Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hamda tegishli tashkilotlarning masʼul vakillari ishtirokida o‘tkazildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar yangi transport vositalari, ularning texnik xususiyatlari hamda yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, avtobuslarni shahar yo‘nalishlarida ekspluatatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Sentyabr oyida «Turon-95 MBI» MCHJ tomonidan “Zhongtong” rusumli yana 10 ta zamonaviy elektrobus foydalanishga topshirildi.

Shu tariqa, avtobuslar parkini zamonaviy va ekologik toza transport vositalari hisobiga yangilash ishlari davom etmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.