Iqtisod

Farg‘ona va Prosica GmbH yoshlarni kasbga o‘qitish masalasini muhokama qildi

Farg‘ona va Prosica GmbH yoshlarni kasbga o‘qitish masalasini muhokama qildi
Farg‘ona va Prosica GmbH yoshlarni kasbga o‘qitish masalasini muhokama qildi / Foto: Farg'ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning Prosica GmbH kompaniyasi katta maslahatchisi Trang Do bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarni kasbga o‘qitish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri Farg‘ona viloyati yoshlariga nemis tilini o‘rgatish hamda ularni Germaniyada xavfsiz va kafolatlangan ish o‘rinlariga joylashtirish tizimini yaratish bo‘ldi.

Shuningdek, tomonlar xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy avto-maktab tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Kun tartibidan sport, xususan, futbolni rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish masalalari ham o‘rin oldi.

Uchrashuv ishtirokchilari belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha Germaniya tajribasini Farg‘ona viloyatida joriy etish yuzasidan fikr almashdi. Malakali kadrlar tayyorlash, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Germaniya tomoni vakillari viloyatda olib borilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan batafsil tanishganini maʼlum qildi. Ular viloyatda yaratilgan sharoitlar va belgilangan yo‘nalishlarni rivojlantirishga tizimli yondashuvni yuqori baholadi.

Xayrullo Bozorov Germaniya tajribasi va zamonaviy yondashuvlarni hududda joriy etish, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash, shuningdek, ularning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni davom ettirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.