Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 29 sentyabr kuni Xiva shahrida To‘rtinchi O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumi doirasida O‘zbekiston va Belarus mahalliy vakillik organlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar hududlararo aloqalarni rivojlantirish, yangi iqtisodiy tashabbuslar va ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 15 ta ikki tomonlama kelishuv imzolandi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklikni yana-da mustahkamlashda mahalliy darajadagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Hududlar va mahalliy hamjamiyatlar vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, aholi bilan hamkorlik qilishda, fuqarolarning ishtirokini kengaytirishda va jamoat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda mahalliy vakillik organlarining roli haqida fikr almashdi.
Shuningdek, hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik va investitsiya faolligini rag‘batlantirish hamda iqtisodiy sheriklikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda deputatlar diplomatiyasiga ham muhim o‘rin ajratildi. Tomonlar mahalliy vakillik organlari o‘rtasida muntazam muloqotni rivojlantirish, o‘zaro tashriflar va ishchi uchrashuvlarni kengaytirishga kelishib oldi.
Imzolangan 15 ta kelishuv hududlararo hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashish va hamkorlikni yangi amaliy bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Forum doirasida Xiva shahrida sanoat kooperatsiyasi, agrosanoat majmuasi, turizm, taʼlim, sog‘liqni saqlash, fan va innovatsiyalarga bag‘ishlangan qator mavzuli seksiya yig‘ilishlari ham bo‘lib o‘tdi.
«O‘zbekiston va Belarus: sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar, mehnat salohiyatini ro‘yobga chiqarish» mavzusidagi birinchi seksiya yig‘ilishida ishtirokchilar sanoat hamkorligini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Parlament aʼzolari, davlat organlari, ishbilarmon doiralar, tadbirkorlik birlashmalari va tadbirkor ayollar vakillari kooperatsiya zanjirlarini rivojlantirish, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va korxonalarning yangi bozorlarga chiqishi masalalarini muhokama qildi.
Tadbirkorlik faoliyatida ayollarning ishtirokini kengaytirish, ish o‘rinlari yaratish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va ayollar biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
«Agrosanoat majmuasida hamkorlik: oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar» mavzusidagi ikkinchi seksiya yig‘ilishida agrosanoat sohasidagi hamkorlikning holati, texnologik almashinuv va yangi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar oziq-ovqat va fitosanitar xavfsizlik, zamonaviy agrotexnologiyalar va biotexnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va investitsiyalarni jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Takliflar orasida Belarus qishloq xo‘jaligi texnikasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va investitsiya loyihalarini kengaytirish masalalari ham o‘rin oldi.
Shuningdek, chorvachilik, genetika va veterinariya, seleksiya va urug‘chilik, o‘simliklarni biologik himoya qilish, agrobiotexnologiyalar va raqamli yechimlar sohalarida hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Tomonlar qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va malakali mutaxassislar tayyorlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha 35,5 mln so‘mlik 11 ta shartnoma imzolandi.
Uchinchi seksiya yig‘ilishi O‘zbekiston va Belarusning gumanitar va ijtimoiy sohadagi strategik sherikligiga bag‘ishlandi.
Unda Oliy Majlis Senati va Belarus Milliy majlisi Respublika kengashi aʼzolari, davlat tashkilotlari, taʼlim va ilmiy muassasalar, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari, shuningdek, Yoshlar parlamenti ishtirok etdi.
Ishtirokchilar oliy va professional taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, muhandis kadrlarni birgalikda tayyorlash va professional taʼlim sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, bioxilma-xillik, genetika va zamonaviy texnologiyalar sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Sog‘liqni saqlash sohasida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, pediatriya, tibbiy xizmatlar sifati va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ham alohida ko‘rib chiqdi.
To‘rtinchi seksiya yig‘ilishi «Turistik muloqot: salohiyatdan aniq qo‘shma loyihalar sari» mavzusida o‘tkazildi. Unda turizm almashinuvini ko‘paytirish, yangi turistik mahsulotlar va qo‘shma yo‘nalishlar yaratish, shuningdek, xizmatlar sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokamada ikki mamlakat davlat tashkilotlari, taʼlim muassasalari, xususiy sektor, mehmonxona biznesi va turoperatorlar vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar uchinchi davlatlar bozorlarida O‘zbekiston va Belarus imkoniyatlarini birlashtiruvchi turistik mahsulotlarni birgalikda targ‘ib qilishni taklif etdi.
O‘zbekistonning madaniy-tarixiy, ekologik, etnik, gastronomik, taʼlim va ziyorat turizmi sohalaridagi salohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Belarus tomoni ekoturizmni rivojlantirish, turistik qishloqlar tashkil etish, taʼlim turizmi va soha uchun kadrlar tayyorlash tajribasini taqdim etdi.
Turistik seksiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha turizm sohasida hamkorlik qilish va turistik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha bir qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining To‘rtinchi biznes-forumi ham bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini yana-da rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Umuman, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitish, hududlar va tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda mavjud iqtisodiy, ijtimoiy va inson salohiyatidan yana-da samarali foydalanish zarurligini taʼkidladi.