Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi BAAda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqaro U.R.ning vatanga qaytishiga ko‘maklashdi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri xabar berdi.
Bosh konsulxona maʼlumotlariga ko‘ra, fuqaro BAAga ishga joylashish maqsadida borgan. Mamlakatdan chiqishidan oldin u O‘zbekiston Migratsiya agentligiga murojaat qilmagan va BAAga kelganidan so‘ng mustaqil ravishda ish izlay boshlagan.
Mos ish o‘rni topa olmagan fuqaro moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan. Uning yashashi va ovqatlanishi uchun mablag‘i, shuningdek, O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptani mustaqil ravishda sotib olish imkoniyati qolmagan.
Bosh konsulxona diplomatlari fuqaro bilan suhbat o‘tkazib, uning vaziyati bilan bog‘liq holatlarni o‘rgandi. Unga vaqtincha turar joy va oziq-ovqat berildi, shundan so‘ng Dubaydan O‘zbekistonga uchib ketishi uchun zarur yordam ko‘rsatildi.
Bosh konsulxona xorijda ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolarga oldindan O‘zbekiston Migratsiya agentligiga murojaat qilishni tavsiya etmoqda. Agentlik orqali rasmiy va xavfsiz ishga joylashishda ko‘mak, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va ish beruvchilar bilan bog‘lanish uchun aloqa maʼlumotlari, shuningdek, zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam olish mumkin.
O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi amaldagi qonunchilik doirasida xorijda murakkab vaziyatlarga tushib qolgan fuqarolarga konsullik-huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.