Iqtisod

FAO Farg‘ona vodiysida fermerlar uchun uchta dala maktabini ochdi

FAO Farg‘ona vodiysida fermerlar uchun uchta dala maktabini ochdi
FAO Farg‘ona vodiysida fermerlar uchun uchta dala maktabini ochdi / Foto: FAO.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda Farg‘ona vodiysida fermerlar uchun uchta dala maktabini tashkil etdi.

Tashabbus O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hududlarini birlashtiruvchi qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy loyiha doirasida amalga oshirilmoqda.

Maktablar Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani, Namangan viloyatining Namangan tumani va Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida faoliyat yuritmoqda.

Har bir maktab hududning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishiga muvofiq ixtisoslashgan. Andijon viloyatida fermerlar kartoshka yetishtirishni, Namanganda resurslarni tejovchi issiqxona xo‘jaligini, Farg‘onada esa malina yetishtirishni o‘rganmoqda.

O‘qitish shakli anʼanaviy maʼruza kurslaridan farq qiladi: ishtirokchilar mavsum davomida ekinlarni kuzatib boradi, mutaxassislar bilan birgalikda yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qiladi va turli yechimlarni o‘z xo‘jaliklarida sinab ko‘radi. «Bu yerda fermer shunchaki tinglovchi emas, balki o‘quv jarayonining faol ishtirokchisiga aylanadi», — dedi loyiha koordinatori Muhammadjon Qosimov.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi mashg‘ulotlarda kartoshkani oziqlantirish va parvarishlash, tuproqqa ishlov berish, shuningdek, kasalliklar va zararkunandalardan integratsiyalashgan himoya qilish masalalari qamrab olindi.

Namanganda issiqxonalarni ekishga tayyorlash, harorat va namlikni nazorat qilish, suv hamda o‘g‘itlardan oqilona foydalanish masalalari o‘rganildi.

Farg‘ona tumanida fermerlar malina yetishtirish agrotexnikasini o‘zlashtirdi. Bunda o‘simliklarning ozuqa moddalariga bo‘lgan ehtiyojini aniqlashdan tortib, zararkunandalarga qarshi biologik va kimyoviy himoya usullarigacha bo‘lgan jarayonlar qamrab olindi.

O‘qitish «urug‘dan urug‘gacha» tamoyili asosida tashkil etilgan bo‘lib, butun vegetatsiya davri davomida olib boriladi. Bu fermerlar, olimlar va agronomlar o‘rtasida tajriba almashish uchun doimiy maydon yaratadi. To‘plangan amaliy tajribalarni vodiyning boshqa tumanlarida ham tarqatish rejalashtirilmoqda.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.