Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Minsk” erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) maʼmuriyati rahbari Anatoliy Kalinin 2026 yil 15 sentyabr kuni O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Nuriddin Mamajonov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar Belarus va O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qildi. Bu haqda “Minsk” EIZ xabar berdi, deb yozadi sb.by.
Uchrashuvda 29–30 sentyabr kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Forum doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat hamkorligi masalalarini batafsil ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Tadbirlarda “Minsk” EIZ maʼmuriyati rahbariyatining ishtiroki ham ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv davomida, shuningdek, “Minsk” EIZning investitsiyaviy jozibadorligi, rezident korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan yuqori texnologiyali mahsulotlar va maxsus iqtisodiy zona hududini yana-da rivojlantirish istiqbollari taqdim etildi.
Tomonlar Belarus va O‘zbekiston rezident korxonalari ishtirokida videokonferensiya formatida uchrashuvlar o‘tkazib borishga kelishib oldi. Bunday uchrashuvlarda hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va loyihalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
“Minsk” EIZ maʼmuriyati rahbari, shuningdek, O‘zbekiston kompaniyalarini qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun maydon imkoniyatlaridan faolroq foydalanishga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi preferensiyalar va imtiyozlarni hisobga olgan holda erkin iqtisodiy zonalar o‘rtasidagi hamkorlik qo‘shma innovatsion sanoat ishlab chiqarishlarini yo‘lga qo‘yish uchun sharoit yaratishi mumkin.